17-modda. Rad etish uchun asoslar
Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida (O‘RQ-674-son) · Sana: 16.02.2021 · Amalda
Biror-bir shaxsga uning arbitr sifatida tayinlanishi mumkinligi munosabati bilan murojaat qilingan taqdirda, ushbu shaxs oʻzining xolisligi yoki mustaqilligi borasida asosli shubhalar keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan har qanday holatlar toʻgʻrisida maʼlum qilishi kerak. Arbitr oʻzi tayinlangan paytdan eʼtiboran va butun arbitraj muhokamasi davomida taraflarga har qanday shunday holatlar toʻgʻrisida, agar u taraflarni bunday holatlar toʻgʻrisida ilgari xabardor qilmagan boʻlsa, darhol maʼlum qilishi kerak.
Arbitr faqat uning xolisligi yoki mustaqilligi borasida asosli shubhalar keltirib chiqaruvchi holatlar mavjud boʻlgan yoki u taraflar kelishuvida belgilangan talablarga mos kelmagan taqdirda rad etilishi mumkin. Taraf oʻzi tayinlagan yoki tayinlanishida oʻzi ishtirok etgan arbitrni rad etish haqida faqat u tayinlanganidan keyin oʻziga maʼlum boʻlib qolgan sabablar boʻyicha arz qilishi mumkin.
