16-modda. Arbitrlarni tayinlash
Xalqaro tijorat arbitraji toʻgʻrisida (O‘RQ-674-son) · Sana: 16.02.2021 · Amalda
Agar taraflar boshqacha shartlashmagan boʻlsa, hech bir shaxs oʻzining fuqaroligi sababli arbitr sifatida ishtirok etish huquqidan mahrum qilinishi mumkin emas.
Basharti taraflar ushbu moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlari qoidalariga rioya etsa, arbitrni yoki arbitrlarni tayinlash tartib-taomilini oʻz xohishiga koʻra kelishib olishi mumkin.
Bunday kelishuv mavjud boʻlmasa:
1) uch nafar arbitrli arbitrajda har bir taraf bittadan arbitrni tayinlaydi va shu tariqa tayinlangan ikki nafar arbitr uchinchi arbitrni tayinlaydi; agar bir taraf boshqa tarafning bu haqdagi iltimosi olingach oʻttiz kun ichida arbitrni tayinlamasa yoki ikki arbitr oʻzi tayinlangan paytdan eʼtiboran oʻttiz kun ichida uchinchi arbitrni tanlash toʻgʻrisida kelisha olmasa, arbitr istalgan tarafning iltimosiga binoan sud tomonidan tayinlanadi;
2) yakka tartibdagi arbitrlik arbitrajida, agar taraflar arbitrni tanlash toʻgʻrisida kelisha olmasa, arbitr taraflardan istalgan birining iltimosiga binoan sud tomonidan tayinlanadi.
Agar taraflar tomonidan kelishilgan tayinlash tartib-taomilida:
1) taraflardan biri bunday tartib-taomilga rioya etmasa; yoki
2) taraflar yoki ikki arbitr bunday tartib-taomilga muvofiq kelishuvga erisha olmasa; yoki
3) uchinchi shaxs, shu jumladan muassasa shunday tartib-taomilga muvofiq oʻz zimmasiga yuklatilgan biror-bir vazifani bajarmasa, agar tayinlash tartib-taomili toʻgʻrisidagi kelishuvda tayinlashni taʼminlashning boshqacha usullari nazarda tutilmagan boʻlsa, istalgan taraf suddan zarur choralar koʻrilishini soʻrashi mumkin.
Ushbu moddaning uchinchi yoki toʻrtinchi qismlariga muvofiq sud tomonidan chiqariladigan qaror ustidan shikoyat qilinmaydi.
Arbitrni tayinlashda sud taraflarning kelishuviga muvofiq arbitrga qoʻyiladigan har qanday talabni hamda mustaqil va xolis arbitrni tayinlashni taʼminlashi mumkin boʻlgan fikrlarni lozim darajada inobatga oladi, yakka tartibdagi arbitr yoki uchinchi arbitr tayinlangan taqdirda esa fuqaroligi taraflarning fuqaroligidan boshqa fuqarolikka ega boʻlgan arbitrni tayinlash maqbul ekanligini ham eʼtiborga oladi.
