13-modda. Markaziy saylov komissiyasiga aʼzolik
Saylov toʻgʻrisida (266/XXVII-son) · Sana: 04.09.2019 · Amalda
Yigirma besh yoshga toʻlgan, qoida tariqasida, oliy maʼlumotga, saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega boʻlgan, jamoatchilik oʻrtasida obroʻ-eʼtibor qozongan hamda kamida oxirgi besh yil Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaro Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin.
Ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoxud sudlanganligi olib tashlanmagan fuqarolar, harbiy xizmatchilar, davlat xavfsizlik xizmatining, boshqa harbiylashtirilgan boʻlinmalarning xodimlari, diniy tashkilotlar va birlashmalarning professional xizmatchilari Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi boshqa saylov komissiyasining yoki siyosiy partiyaning aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
Markaziy saylov komissiyasining Joʻqorgʻi Kenges deputatligiga nomzod yoki ishonchli vakil etib roʻyxatga olingan aʼzosi komissiya tarkibidan chiqib ketgan deb hisoblanadi.
Markaziy saylov komissiyasi aʼzosining vakolatlari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan bevosita yoki uni aʼzolikka tavsiya etgan organning taqdimnomasiga binoan quyidagi hollarda tugatilishi mumkin:
u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish toʻgʻrisida yozma ariza berganda;
u sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirganda;
u oʻz vazifalarini muntazam ravishda bajarmay kelganda;
qonunga koʻra u Markaziy saylov komissiyasi aʼzosining vakolatlarini amalga oshirish bilan bir vaqtda shugʻullanib boʻlmaydigan lavozimga saylanganda yoki tayinlanganda;
u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yoʻqolgan deb topilganda yoki vafot etgan deb eʼlon qilinganda;
u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotganda;
u vafot etganda.
Markaziy saylov komissiyasining yangi aʼzosi ushbu Qonunda belgilangan tartibda saylanadi.
Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzolari ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq toʻlanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shugʻullanishi mumkin emas.
Markaziy saylov komissiyasi aʼzolariga Joʻqorgi Kenges deputatlariga nisbatan qoʻllaniladigan daxlsizlik toʻgʻrisidagi qoidalar tatbiq etiladi.
