11-modda. Saylov komissiyalari tizimi
Saylov toʻgʻrisida (266/XXVII-son) · Sana: 04.09.2019 · Amalda
Saylov komissiyalari tizimiga kuyidagilar kiradi:
Markaziy saylov komissiyasi;
tuman va shahar saylov komissiyalari;
okrug saylov komissiyalari;
uchastka saylov komissiyalari.
Saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshiradi.
Saylov komissiyalarining faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi.
Saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
Masalalarni koʻrib chiqish va qarorlar qabul qilish saylov komissiyasi tomonidan kollegial tarzda amalga oshiriladi.
Saylov komissiyalari oʻz faoliyatini ochiq va oshkora amalga oshiradi.
Saylov komissiyasining majlislarida siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar hozir boʻlishi mumkin.
Saylov komissiyalari nomzodlarga, siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasini oʻtkazish uchun teng shart-sharoitlarni, saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish uchun ajratilgan budjet mablagʻlarining adolatli taqsimlanishini, ovoz berishning va saylov yakunlarini chiqarishning halol boʻlishini taʼminlash yuzasidan zarur choralar koʻradi.
