10-modda. Saylov uchastkalarini tuzish tartibi va normasi
Saylov toʻgʻrisida (266/XXVII-son) · Sana: 04.09.2019 · Amalda
Joʻqorgʻi Kenges deputatlari va mahalliy Kengashlarga deputatlar saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov uchastkalari tuman va shaharlar hokimliklari taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan tuziladi.
Saylovchilarga mumkin kadar koʻproq qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkalari tumanlarning, shaharlarning chegaralari inobatga olingan holda tuziladi. Uchastkalar harbiy qismlarda ham tuziladi va qismlar joylashgan erdagi okruglarga kiradi. Saylov uchastkalarining chegaralari boshqa saylov okruglarining chegaralarini kesib oʻtmasligi kerak.
Sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkin.
Harbiy qismlarda saylov uchastkalari qismlar yoki harbiy qoʻshilmalar komandirlarining taqdimnomasiga binoan okrug komissiyalari tomonidan tuziladi.
Saylov uchastkalari saylovga kamida oltmish kun qolganida, qoida tariqasida, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va koʻpi bilan uch ming nafardan oshmagan holda tuziladi. Harbiy qismlarda, shuningdek olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari ana shu muddatda, ayrim hollarda esa saylovga kamida yetti kun qolganida tuziladi.
Saylov uchastkalarining soni okruglar sonidan kam boʻlishi mumkin emas.
Okrug saylov komissiyasi saylov uchastkalarining tartib raqamini belgilaydi hamda tegishli uchastka komissiyasining telefon raqamlarini, joylashgan erini va ovoz berish binosini koʻrsatgan holda saylovchilarni har bir uchastkaning chegaralari toʻgʻrisida xabardor etishni tashkil qiladi.
Joʻqorgi Kenges, mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bir vaqtda oʻtkazilgan taqdirda, Joʻqorgʻi Kenges deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari tomonidan yagona saylov uchastkalari tuziladi.
