“302-modda. Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish asoslari
Sud qarorlarini qayta koʻrish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-663-son) · Sana: 12.01.2021 · Amalda
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoki bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
1) ish uchun ahamiyatli holatlarning toʻliq aniqlanmaganligi;
2) sud aniqlangan deb hisoblagan, ish uchun ahamiyatli boʻlgan holatlarning isbotlanmaganligi;
3) hal qiluv qarorida bayon qilingan xulosalarning ish holatlariga muvofiq emasligi;
4) moddiy va (yoki) protsessual huquq normalarining buzilganligi yoxud notoʻgʻri qoʻllanilganligi.
Moddiy huquq normalarining buzilishi yoki notoʻgʻri qoʻllanilishi quyidagilardan iborat:
1) qoʻllanilishi lozim boʻlgan qonun hujjatining qoʻllanilmaganligi;
2) qoʻllanilishi mumkin boʻlmagan qonun hujjatining qoʻllanilganligi;
3) qonun hujjatining notoʻgʻri talqin qilinganligi.
Protsessual huquq normalarining buzilganligi yoki notoʻgʻri qoʻllanilganligi, agar bu notoʻgʻri hal qiluv qarori qabul qilinishiga olib kelgan boʻlsa yoki olib kelishi mumkin boʻlsa, birinchi instansiya sudning hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini oʻzgartirish yoxud bekor qilish uchun asos boʻladi.
Birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorini, apellatsiya instansiyasi sudining qarorini har qanday holda bekor qilish uchun quyidagilar asos boʻladi:
1) sud tomonidan ishning qonunga xilof tarkibda koʻrilganligi;
2) ishning sud majlisi vaqti va joyi toʻgʻrisida tegishli tarzda xabardor qilinmagan biror-bir ishda ishtirok etuvchi shaxs yoʻqligida koʻrilganligi;
3) sud ishi yuritilayotgan til toʻgʻrisidagi qoidalar ishni koʻrish chogʻida buzilganligi;
4) ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan shaxslarning huquq va majburiyatlari toʻgʻrisida sud tomonidan hal qiluv qarori qabul qilinganligi;
5) hal qiluv qarorining, qarorning sudya yoki, agar ish sudyalar hayʼati tarkibida koʻrilgan boʻlsa, sudyalarning biri tomonidan imzolanmaganligi yoxud hal qiluv qarorida, qarorda koʻrsatilganidan boshqa sudyalar tomonidan imzolanganligi;
