29-modda. Qonunning Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinishi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida (434-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Qonunchilik palatasi qonun loyihasini, qoida tariqasida, bir necha oʻqishda koʻrib chiqadi.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan palata deputatlari umumiy sonining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilish, unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, konstitutsiyaviy qonunni qabul qilish hamda unga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi talab qilinadi.
Ovoz berish ochiq yoki yashirin boʻlishi mumkin.
Ovoz berishning shakli va usuli toʻgʻrisidagi qaror Qonunchilik palatasi tomonidan Qonunchilik palatasi majlisida hozir boʻlgan deputatlarning koʻpchilik ovozi bilan ochiq ovoz berish orqali qabul qilinadi.
Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay Senatga yuboriladi.
Senat qonunni maʼqullash yoki uni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Senat tomonidan rad etilgan qonun Qonunchilik palatasiga qaytariladi.
Agar Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat koʻpchilik ovozi bilan qonunni yana maʼqullasa, qonun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda Qonunchilik palatasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga imzolash va eʼlon qilish uchun yuboriladi.
