28-modda. Qonun loyihasining Qonunchilik palatasi qoʻmitasi tomonidan dastlabki tarzda koʻrib chiqilishi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida (434-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritilganidan keyin Qonunchilik palatasi Reglamentida belgilangan tartibda Qonunchilik palatasi Kengashi uni dastlabki tarzda koʻrib chiqishni amalga oshiradigan masʼul qoʻmitani belgilaydi.
Qonun loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqishda fraksiyalar ishtirok etishga haqli.
Qonun loyihasini dastlabki tarzda koʻrib chiqish natijalari asosida masʼul qoʻmita uni Qonunchilik palatasi majlisining kun tartibiga kiritish yoki qonun loyihasini kiritgan organga (shaxsga) qaytarish toʻgʻrisida Qonunchilik palatasi Kengashi oldiga masala qoʻyadi.
Agar kiritilgan qonun loyihasi “Qonunlar loyihalarini tayyorlash va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni, “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni va Qonunchilik palatasi Reglamentiga muvofiq boʻlmasa, Qonunchilik palatasi Kengashi qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi subyektiga qaytarish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
