30-modda. Kelishuv komissiyasi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi toʻgʻrisida (434-II-son) · Sana: 12.12.2002 · Amalda
Senat tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat aʼzolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin.
Kelishuv komissiyasining har bir palatadan koʻrsatilgan aʼzolari oʻz tarkibidan koʻpchilik ovoz bilan komissiyaning hamraisini saylaydi.
Kelishuv komissiyasi qonunning yagona matnini ishlab chiqish maqsadida Senatning har bir eʼtirozini alohida-alohida koʻrib chiqadi. Kelishuv komissiyasi qonunning Senat eʼtiroz bildirmagan ayrim moddalari tahririni oʻzgartirish toʻgʻrisida, agar bunday oʻzgartirishni Senatning takliflari asosida ishlab chiqilgan qonun moddalarining tahriri taqozo etadigan boʻlsa, qaror qabul qilishga haqli.
Kelishuv komissiyasi ishining natijalari yuzasidan kelishmovchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflarni oʻz ichiga olgan xulosa qabul qilinadi.
Kelishuv komissiyasini tuzish tartibi, komissiyaning tarkibi va ishi Reglamentda belgilanadi.
