28-modda. Jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda oʻqotar qurolni qoʻllash shartlari va chegaralari
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-647-son) · Sana: 18.11.2020 · Amalda
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) oʻziga biriktirilgan oʻqotar qurol va maxsus vositalarni xizmat majburiyatlarini bajarish chogʻida olib yurish, saqlash, jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni hamda oʻqotar qurolni qoʻllash huquqiga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda ega boʻladi.
Milliy gvardiyaning harbiylashtirilgan qoʻriqlash boʻlinmalari ishchilari va xizmatchilari Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari) uchun nazarda tutilgan hollarda va tartibda jismoniy kuch, maxsus vositalar va oʻqotar qurol qoʻllashga haqli.
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va oʻqotar qurol qoʻllanilishidan avval ularni qoʻllash niyati toʻgʻrisida aniq ifodalangan ogohlantirish boʻlishi kerak, bundan ushbu ogohlantirishning imkoni boʻlmagan yoki ularning qoʻllanilishidagi sustkashlik fuqarolarning, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) hayoti hamda sogʻligʻiga bevosita xavf soladigan va boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishi mumkin boʻlgan hollar mustasno.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchisi (xodimi) maxsus tayyorgarlikdan, shuningdek jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va oʻqotar qurol qoʻllanilishi bilan bogʻliq sharoitlardagi harakatlarga kasbiy yaroqliligini aniqlash uchun davriy tekshiruvdan oʻtishi shart. Maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan harbiy xizmatchiga (xodimga) tegishli sertifikat beriladi.
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar va oʻqotar qurol qoʻllanilishi bilan bogʻliq sharoitlardagi harakatlarga kasbiy yaroqliligini aniqlash boʻyicha tekshiruvdan oʻta olmagan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) egallab turgan lavozimga loyiqligini aniqlash uchun attestatsiyadan oʻtadi.
Jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar yoki oʻqotar qurol qoʻllanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxslar xatti-harakatlarining xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq boʻlishi kerak. Bunda Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi) har qanday zararning imkon qadar kam boʻlishiga intilishi shart.
Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi (xodimi), agar yuzaga kelgan vaziyatda maxsus vositalarni yoki oʻqotar qurolni qoʻllash uchun mazkur moddada hamda ushbu Qonunning 30 va 31-moddalarida nazarda tutilgan asoslar yuzaga kelishi mumkin deb hisoblasa, ularni qoʻllash uchun tayyorlash va jangovar holatga keltirish huquqiga ega.
