29-modda. Jismoniy kuch ishlatish
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-647-son) · Sana: 18.11.2020 · Amalda
Agar kuch ishlatilmaydigan usullar Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini taʼminlamasa, ular quyidagi hollarda shaxsan oʻzi yoki boʻlinma (guruh) tarkibida jismoniy kuch ishlatish, shu jumladan kurashning jang usullarini qoʻllash huquqiga ega boʻladi:
jinoyatlarga va boshqa huquqbuzarliklarga barham berishda;
jinoyatlar yoki boshqa huquqbuzarliklar sodir etishda gumon qilinayotgan shaxslarni ushlashda va olib borishda;
Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablariga qarshilik koʻrsatilishini bartaraf etishda.
Milliy gvardiyaning harbiy xizmatchilari (xodimlari) ushbu Qonunda maxsus vositalar yoki oʻqotar qurol qoʻllanilishiga ruxsat etilgan hollarda ham jismoniy kuch ishlatish huquqiga ega.
Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari koʻrinib turgan shaxslarga, yoshi aniq koʻrinib turgan yoki maʼlum boʻlgan voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish taqiqlanadi, bundan ularning qurolli qarshilik koʻrsatganligi, fuqarolarning yoxud Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) hayoti va sogʻligʻiga haqiqatda tahdid etib, hujum qilinganligi hollari mustasno.
