27-modda. Milliy gvardiyaning majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-647-son) · Sana: 18.11.2020 · Amalda
Milliy gvardiya oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish chogʻida:
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini, jismoniy va yuridik shaxslarning mulkini, shaxs, jamiyat va davlat xavfsizligini himoya qilish boʻyicha choralar koʻrishi;
jamoat joylarida, shu jumladan koʻchalarda, maydonlarda, istirohat bogʻlarida, transport magistrallarida, vokzallarda, aeroportlarda, shuningdek ommaviy tadbirlarni oʻtkazish chogʻida fuqarolarning xavfsizligini taʼminlashi;
gʻayrihuquqiy qilmishlarga chek qoʻyishi, fuqarolarning xavfsizligiga tahdidlarni bartaraf etishi, jinoyat, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilganligi holatlarini, hodisa holatlarini hujjatlashtirishi, jinoyat, maʼmuriy huquqbuzarlik, hodisa izlari saqlanishini taʼminlashi;
jismoniy va yuridik shaxslarning turar joylariga hamda boshqa obyektlariga mulkdorlarning yoki ular vakillarining xohishiga xilof tarzda yoki ular yoʻqligida Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari (xodimlari) kirganligining barcha hollari toʻgʻrisida yigirma toʻrt soat ichida prokurorni yozma shaklda xabardor qilishi;
jinoyat, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyda yoki hodisa joyida jabrlangan fuqarolarga, shuningdek nochor ahvolda qolgan fuqarolarga birinchi tibbiy yordam yoki boshqa yordam koʻrsatilishini tashkil etishi;
jinoyatlar faktlari boʻyicha jinoyat ishlarini qoʻzgʻatishi, maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishi;
jinoyatlarning oldini olish, ularni aniqlash, ularga chek qoʻyish va ularni fosh etish, shuningdek ularga tayyorgarlik koʻrishga hamda ularni sodir etishga aloqador boʻlgan shaxslarni aniqlash va topish choralarini koʻrishi;
huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishi, ularning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon bergan shart-sharoitlarni aniqlashi hamda ularni bartaraf etish boʻyicha choralar koʻrishi, shuningdek ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish boʻyicha choralar koʻrishi;
oʻta muhim va toifalangan obyektlarni, chet davlatlarning diplomatik vakolatxonalarini, konsullik muassasalarini hamda boshqa vakolatxonalarini, xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalarini, shuningdek Milliy gvardiya qoʻriqlashi lozim boʻlgan boshqa obyektlarni qoʻriqlashni amalga oshirishi;
xizmatga doir axborotning, shuningdek xizmat majburiyatlarini bajarishi chogʻida oʻziga maʼlum boʻlib qolgan davlat sirlarini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlarning maxfiyligini va saqlanishini taʼminlashi;
