26-modda. Milliy gvardiyaning huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-647-son) · Sana: 18.11.2020 · Amalda
Milliy gvardiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishda oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
mansabdor shaxslar va fuqarolarning hujjatlarini, shu jumladan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini tekshirish, ularni shaxsiy koʻrikdan (tintuvdan) oʻtkazishni amalga oshirish, ashyolarni, transport vositalarini hamda olib oʻtilayotgan yuklarni koʻzdan kechirish, shu jumladan nazoratning texnik va boshqa vositalari qoʻllanilgan holda koʻzdan kechirish;
fuqarolardan jinoyat, maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilgan joyni, hodisa joyini tark etishini talab qilish;
turar joylarga va boshqa obyektlarga toʻsqinliksiz, zarurat boʻlganda qulflash moslamalari va boshqa ashyolarni buzgan holda kirish, bu joylarni jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan shaxslar taʼqib qilinayotganda yoxud u yerda jinoyat sodir etilmoqda yoki sodir etilgan yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organlardan yashirinayotgan shaxs bor deb hisoblash uchun yetarli asoslar mavjud boʻlsa, agar kechiktirish fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini xavf ostida qoldiradigan boʻlsa, yigirma toʻrt soat ichida prokurorga bu haqda xabar bergan holda, shuningdek yetkazilgan zararning oʻrnini qonunchilikda belgilangan tartibda qoplagan holda koʻzdan kechirish;
jinoyatlarning oldini olish, ularni sodir etgan yoki qidiruvda boʻlgan shaxslarni topish va ushlash maqsadida jismoniy hamda yuridik shaxslarning turar joylarida va boshqa obyektlarida ularning roziligi bilan vaqtincha boʻlish;
davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga borish, zarur boʻlgan hujjatlar hamda materiallar bilan tanishish, davlat organlaridan va boshqa tashkilotlardan, fuqarolardan maʼlumotlarni va boshqa zarur hujjatlarni hamda materiallarni soʻrash va olish;
Milliy gvardiyaning ish yurituvida boʻlgan ishlar va materiallar yuzasidan fuqarolarni, mansabdor shaxslarni chaqirish, zarur hujjatlarni, maʼlumotlarni hamda ularning koʻchirma nusxalarini bepul olish;
fuqarolarni oʻz roziligi bilan Milliy gvardiyaga koʻmaklashishga jalb etish, koʻmaklashgan fuqarolarni taqdirlash;
davlat organlariga va boshqa tashkilotlarga yoki mansabdor shaxslarga huquqbuzarliklarning sodir etilishi sabablarini va ularga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida ijro etilishi majburiy boʻlgan taqdimnomalar kiritish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taʼsis etilgan ommaviy axborot vositalarining imkoniyatlaridan jinoyatlar holatlarini aniqlash va surishtiruv organlaridan yashirinib yurgan shaxslarni qidirish, shuningdek jinoyatlarning oldini olish uchun bepul foydalanish;
