24-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarini (xodimlarini) harbiy xizmatga (xizmatga) tiklash tartibi
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-647-son) · Sana: 18.11.2020 · Amalda
Harbiy xizmatchilarni Milliy gvardiyadagi harbiy xizmatga tiklash tartibi umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Shaxslar gʻayriqonuniy ravishda jinoiy javobgarlikka tortilganligi yoki xizmatdan asossiz boʻshatilganligi eʼtirof etilgan hollarda, ularni Milliy gvardiyadagi xizmatga tiklash sudning qonuniy kuchga kirgan qarori yoxud Milliy gvardiya qoʻmondonining qarori asosida amalga oshiriladi.
Xizmatga tiklanishi lozim boʻlgan shaxslarni shaxsiy tarkib roʻyxatlariga kiritish va lavozimga tayinlash Milliy gvardiya qoʻmondonining buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
Xizmatga tiklanishni xohlovchi shaxslar boʻshatilgan kundan yoki sudning xizmatga tiklash toʻgʻrisidagi qarori chiqarilgan kundan eʼtiboran uch oy muddatda xizmatga tiklash haqidagi iltimosnoma bilan Milliy gvardiyaga murojaat qilishi kerak.
Shaxsni Milliy gvardiyadagi xizmatga tiklash boʻshatilgan kundan tiklangan kunga qadar boʻlgan davrni hisobga kiritish sharti bilan avvalgi maxsus unvonni berish, ustamalarni va xizmat yillarini hisoblab chiqarish, avvalgi lavozimga tayinlash yoxud buning imkoni boʻlmasa, unga teng yoki boshqa lavozimga tayinlash orqali amalga oshiriladi.
Agar shaxs xizmatdan boʻshatilgan kundan yoki sudning xizmatga tiklash toʻgʻrisidagi qarori kuchga kirgan kundan eʼtiboran uch oy muddat oʻtganidan keyin Milliy gvardiyaga murojaat qilsa, uch oylik muddat oʻtgan paytdan eʼtiboran to xizmatga tiklanguniga qadar boʻlgan davr navbatdagi maxsus unvonni olish, ustamalarni hisoblash va pensiya tayinlash uchun xizmat yillarini hisoblash boʻyicha uzluksiz stajga qoʻshib hisoblanmaydi. Uch oylik muddat uzrli sababga koʻra oʻtkazib yuborilgan taqdirda, ushbu davr Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan tiklanishi mumkin.
