23-modda. Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining (xodimlarining) harbiy xizmat (xizmat) muddatlari va ularni uzaytirish uchun asoslar
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi toʻgʻrisida (O‘RQ-647-son) · Sana: 18.11.2020 · Amalda
Milliy gvardiya harbiy xizmatchilarining harbiy xizmat muddatlari va ularni uzaytirish tartibi ushbu moddaning uchinchi qismini hisobga olgan holda umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlarida belgilanadi.
Milliy gvardiyada xizmatda boʻlishning cheklangan yoshi safdorlar va serjantlar tarkibi xodimlari uchun ellik yoshni, ofitserlar tarkibi uchun — ellik besh yoshni (generallar uchun — oltmish yoshni), ayollar uchun esa (mavjud maxsus unvonidan qatʼi nazar) — ellik yoshni tashkil etadi.
Milliy gvardiyaning yuksak kasbiy tayyorgarlikka, egallab turgan lavozimida ish tajribasiga ega boʻlgan va sogʻligʻining holatiga koʻra harbiy xizmatni (xizmatni) oʻtashga yaroqli harbiy xizmatchilarning (xodimlarning) xizmat muddati Milliy gvardiya qoʻmondoni tomonidan ushbu xodimlarning roziligi bilan besh yilgacha, Milliy gvardiyaning taʼlim muassasalarida professor-oʻqituvchilik lavozimlarini egallab turgan va ilmiy darajaga yoki ilmiy unvonga ega boʻlgan shaxslarga esa oʻn yilgacha boʻlgan muddatga uzaytirilishi mumkin.
Xizmat muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi qaror xodimni ushbu Qonunda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha Milliy gvardiyadan boʻshatish ehtimolini istisno etmaydi.
