26-modda. Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan genom boʻyicha davlat roʻyxatidan oʻtgan odamning shaxsi haqidagi maʼlumotlarga oʻzgartish va (yoki) qoʻshimcha kiritish
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida (O‘RQ-649-son) · Sana: 24.11.2020 · Amalda
Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan genom boʻyicha davlat roʻyxatidan oʻtgan odamning shaxsi haqidagi maʼlumotlarga oʻzgartish va (yoki) qoʻshimcha kiritish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
ismi, otasining ismi, familiyasi, tugʻilgan sanasi, millati, jinsi oʻzgarganda;
notoʻgʻri va ishonchsiz (xato) maʼlumotlar mavjudligi fakti aniqlanganda.
Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan genom boʻyicha davlat roʻyxatidan oʻtgan odamning shaxsi haqidagi maʼlumotlarga oʻzgartish va (yoki) qoʻshimcha kiritish ishonchli maʼlumotlar va (yoki) tasdiqlovchi hujjatlar asosida vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.
Ilgari genom boʻyicha roʻyxatdan oʻtgan shaxsning shaxsga doir maʼlumotlariga oʻzgartish va (yoki) qoʻshimchalar kiritilganligi toʻgʻrisida axborot va (yoki) tasdiqlovchi hujjatlar kelib tushganda vakolatli davlat organi Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasiga uch ish kunidan kechiktirmay tegishli oʻzgartish va (yoki) qoʻshimchalar kiritadi.
Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasida saqlanayotgan maʼlumotlarga oʻzgartish va (yoki) qoʻshimcha kiritilganidan keyin oldingi maʼlumotlar belgilangan tartibda arxivlashtiriladi.
