25-modda. Genomga oid axborotni saqlash muddatlari
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida (O‘RQ-649-son) · Sana: 24.11.2020 · Amalda
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olishni amalga oshirishda quyidagilarning:
bedarak yoʻqolgan shaxslar biologik qarindoshlardan olingan genomga oid axborot — bedarak yoʻqolgan shaxsning qidiruvi tugaguniga qadar yoki uning vafot etganligi fakti aniqlanguniga qadar, biroq Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasiga genomga oid axborot kiritilgan kundan eʼtiboran koʻpi bilan yetmish besh yil saqlanadi;
genom boʻyicha ixtiyoriy ravishda davlat roʻyxatidan oʻtgan shaxslardan, shu jumladan voyaga yetmaganlarning va sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslardan olingan genomga oid axborot — ariza beruvchining yoki uning qonuniy vakilining yozma arizasida koʻrsatilgan muddat mobaynida saqlanadi;
ogʻir, oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida jalb qilingan, shuningdek genom boʻyicha majburiy ravishda davlat roʻyxatiga olinishi lozim boʻlgan hukm qilingan shaxslardan olingan genomga oid axborot — biologik oʻlim yuz berilganligi fakti aniqlanganiga yoxud shaxs sud tomonidan vafot etgan deb topilganiga qadar, ularning oʻlimi toʻgʻrisida maʼlumotlar mavjud boʻlmagan taqdirda esa — ular yuz yoshga toʻlishi mumkin boʻlgan sanaga qadar saqlanadi;
biologik materiali tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov jarayonida olingan aniqlanmagan shaxslardan olingan genomga oid axborot — shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish muddati oʻtguniga qadar saqlanadi;
tanib olinmagan murdalarning (tana qoldiqlarining, qismlarining) biologik materialidan olingan genomga oid axborot — odamning shaxsi aniqlanguniga qadar, biroq Genomga oid axborotning yagona maʼlumotlar bazasiga genomga oid axborot kiritilgan kundan eʼtiboran koʻpi bilan yetmish besh yil saqlanadi.
