17-modda. Genom boʻyicha majburiy ravishda davlat roʻyxatiga olishni amalga oshirish
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida (O‘RQ-649-son) · Sana: 24.11.2020 · Amalda
Quyidagilar genom boʻyicha majburiy ravishda davlat roʻyxatiga olinishi lozim:
ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida jalb qilingan shaxslar;
ogʻir, oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik, jinsiy erkinlikka qarshi jinoyatlar, oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish va oʻn olti yoshga toʻlmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etganlik uchun hukm qilingan shaxslar (bundan buyon matnda genom boʻyicha majburiy ravishda davlat roʻyxatiga olinishi lozim boʻlgan hukm qilingan shaxslar deb yuritiladi);
biologik materiali tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov jarayonida olingan aniqlanmagan shaxslar;
tanib olinmagan murdalar (tana qoldiqlari, qismlari).
