18-modda. Biologik materialni olish va undan foydalanish
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olish toʻgʻrisida (O‘RQ-649-son) · Sana: 24.11.2020 · Amalda
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olishni amalga oshirishda biologik materialni olish:
genom boʻyicha majburiy ravishda davlat roʻyxatiga olinishi lozim boʻlgan, hukm qilingan shaxslardan — ichki ishlar organlarining mansabdor shaxsi tomonidan bevosita yoki mutaxassisni jalb etgan holda;
ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi sifatida jalb qilingan shaxslardan — tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan bevosita yoki mutaxassisni jalb etgan holda;
biologik materiali tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov jarayonida olingan aniqlanmagan shaxslardan — tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan bevosita yoki mutaxassisni jalb etgan holda;
tanib olinmagan murdalardan (tana qoldiqlaridan, qismlaridan) — tergovga qadar tekshiruvni, surishtiruvni, dastlabki tergovni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi tomonidan bevosita yoki mutaxassisni jalb etgan holda;
genom boʻyicha ixtiyoriy ravishda davlat roʻyxatidan oʻtayotgan shaxslardan — sud-ekspertiza muassasalarining mutaxassislari tomonidan amalga oshiriladi.
Bedarak yoʻqolgan shaxslarning biologik qarindoshlari boʻlgan voyaga yetmaganlardan hamda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslardan biologik material olish ular qonuniy vakillarining yozma roziligiga koʻra va ularning hozirligida amalga oshiriladi.
Biologik materialni olishni amalga oshirishda genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olinishi lozim boʻlgan shaxsga biologik materialni olishni oʻtkazish asosi va tartibi tushuntiriladi.
Biologik material dastlab lozim boʻlmagan darajada, genomga oid axborot olishni istisno etadigan tarzda olingan taqdirda sud-ekspertiza muassasalarining yozma soʻroviga binoan takroriy olish amalga oshiriladi.
Ilgari genom boʻyicha davlat roʻyxatidan oʻtgan shaxs hukm qilingan taqdirda, genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olishni amalga oshirish uchun biologik material olinmaydi.
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olishni amalga oshirishda olingan biologik materialdan faqat genomga oid axborot olish uchun foydalaniladi.
Genom boʻyicha davlat roʻyxatiga olishni amalga oshirishda biologik materialni olish va undan foydalanish tegishli tayyorgarlikka ega boʻlgan shaxslar tomonidan ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan shaxslarning sogʻligʻiga zarar yetkazilishini istisno qiladigan, biologik materialni olishning barcha normalari hamda qoidalariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
