II-modda. Universitetning huquq va vazifalari
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya Universiteti ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida (526-son) · Sana: 12.11.1992 · Amalda
7. Universitet oʻz oldiga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish uchun quyidagi huquqlarga ega boʻladi:
oʻz huquq doirasiga kiritilgan va Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va mazkur Ustavga zid kelmaydigan zarur qarorlarni qabul qilish va ishlarni amalga oshirish;
professor-oʻqituvchilar, ilmiy, oʻquv-yordamchi va maʼmuriy-xoʻjalik sohasi xodimlarining, talabalar, tinglovchilar, doktorantlar va aspirantlarning maʼnaviy imkoniyatlaridan unumli foydalanishni taʼminlay oladigan mehnatni tashkil etish va ragʻbatlantirish shakllarini belgilash;
ilmiy-pedagogik ishlarga yuqori malakali olimlar va mutaxassislarni shartnoma asosida qabul qilishni amalga oshirish, shuningdek, yetakchi oʻquv markazlarining vakillarini, shu jumladan, chet eldan jalb qilish;
Vazirlar Mahkamasi va Oliy attestatsiya komissiyasiga va Oʻzbekistonning boshqa muassasalariga siyosiy-huquqiy va iqtisodiy munosabatlar sohasidagi yangi yoʻnalishlar boʻyicha kadrlar tayyorlashga boʻlgan talablarni hisobga olib, oliy oʻquv yurtlari mutaxassisliklari va ixtisosliklari roʻyxatiga, ilmiy xodimlar mutaxassisliklari nomenklaturasiga oʻzgarishlar kiritish haqida takliflar taqdim etish;
oʻquv rejalari va dasturlarini mustaqil ravishda tasdiqlash, maxsus kurslar, fakultetlar mavzuini, professor-oʻqituvchilar tarkibining oʻquv, ilmiy, uslubiy ish koʻlamlari meʼyorlari va hajmlarini belgilash;
Universitetning ixtisosliklari boʻyicha, shu jumladan, shartnoma asosida ilmiy markazlar, kollejlar, institutlar, litseylar, ilmiy-tadqiqot, noshirlik muassasalari va tashkilotlari, kengashlar, boʻlimlar, laboratoriyalar tashkil etish;
ham vaqtinchalik, ham doimiy ishlovchi ijodiy, ishlab chiqarish va boshqa jamoalarni shakllantirish, shuningdek, ustav vazifalarini hal etish uchun alohida fuqarolarni jalb qilish;
qabul qoidalarini, talabalarni (shu jumladan, xorijliklarni) oʻqitishga, shuningdek, Universitetning ilmiy va boshqa ishlariga shartnomaviy narxlarni tasdiqlash;
shtat jadvalini tasdiqlash va oʻrtacha maoshlar hamda rahbarlar va mutaxassislar, oʻqituvchilar va talabalar sonining oliy oʻquv yurtlari uchun belgilangan nisbatlarini hisobga olmagan holda shartnomaviy maoshlar, shu jumladan, erkin almashtiriladigan valyutadagi maoshlar belgilash;
xodimlarning mehnatiga haq toʻlash shakllari va tizimini aniqlash, mehnatga haq toʻlash uchun mablagʻlardan foydalanish yoʻnalishlarini tanlash, jamoa va har bir xodimning mehnat ulushini hisobga olgan holda ish haqi fondini taqsimlash;
