Sh-modda. Universitetni boshqarish va uning tuzilmasi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya Universiteti ustavini tasdiqlash toʻgʻrisida (526-son) · Sana: 12.11.1992 · Amalda
8. Universitetga rahbarlik qilishni amaldagi qonunchilikka muvofiq rektor amalga oshiradi va uning butun faoliyati natijalari uchun toʻla javob beradi. U mazkur Ustavdan kelib chiqadigan va Universitet faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan barcha vazifalarni hal qilishga haqlidir.
Rektor barcha tashkilot va muassasalarda Universitet nomidan vakillik qiladi hamda kreditlarni taqsimlovchi hisoblanadi. U oʻrinbosarlar va boshqa xodimlar oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi. Oʻz huquq va vazifalarining maʼlum qismini oʻrinbosarlariga beradi.
Rektor Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Rektorning birinchi oʻrinbosari Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
Rektorning yoʻnalishlar boʻyicha oʻrinbosarlari, tarkibiy boʻlinmalarning, shuningdek, Universitet tarkibiga kiruvchi muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari amaldagi qonunchilikka muvofiq shartnoma asosida rektor tomonidan tayinlanadilar.
Universitet faoliyatining samaradorligini oshirishga va uning moddiy-texnika negizini mustahkamlashga yordam koʻrsatish maqsadida Universitet huzurida davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, turli siyosiy harakatlar, respublika va xalqaro iqtisodiy va moliyaviy muassasalar, tashkilotlar, tijorat tuzilmalari vakillaridan iborat vasiylar Kengashi tashkil etiladi.
9. Ilmiy va oʻquv-ishlab chiqarish masalalarini bamaslahat koʻrib chiqish uchun Ilmiy kengash tashkil etiladi. Uning tarkibiga rektor, uning oʻrinbosarlari, oʻquv va ilmiy tarkibiy boʻlinmalarning, Universitet tarkibiga kiruvchi muassasalar va tashkilotlarning rahbarlari, respublikaning va xorijiy mamlakatlarning yetakchi olimlari va mutaxassislari kiradilar. Ilmiy kengashning raisi Universitet rektori hisoblanadi.
Ilmiy kengash oʻquv jarayonini tashkil etish, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rejalashtirish, manfaatdor ilmiy va oʻquv idoralari, muassasalar va tashkilotlar bilan hamkorlik qilishning barcha masalalari yuzasidan qarorlar qabul qiladi, ilmiy va uslubiy maʼlumotlar va axborotlarni muhokama qiladi, ilmiy ishlarni nashr qilish va saqlashga tavsiya etadi, ilmiy va faxriy unvonlarni berish toʻgʻrisida iltimosnomalar beradi, chet ellik olimlarga, mutaxassislarga, siyosiy va jamoat arboblariga Universitetning faxriy ilmiy unvonlarini beradi.
