28-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi materiallarni tayyorlash
Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida (O‘RQ-644-son) · Sana: 27.10.2020 · Amalda
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi materiallar ichki ishlar organlari tomonidan narkologiya muassasalarining, narkologik kasallikka chalingan shaxs oila aʼzolarining yoki qarindoshlarining iltimosnomalariga asosan, shuningdek narkologik kasallikka chalingan shaxsning oila aʼzolari xabardor qilingan holda, ichki ishlar organlarining tashabbusiga koʻra tayyorlanadi va rasmiylashtiriladi.
Ichki ishlar organlari narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi materiallarni tayyorlash maqsadida mazkur shaxsni narkologik ekspertizadan oʻtkazish uchun uning yashash joyidagi narkologiya dispanseriga yoki ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyaga olib boradi.
Ichki ishlar organlari narkologik ekspertizalarni oʻtkazish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy komissiyaning yoki ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyaning narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zarurligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosasini olgach, toʻplangan materiallarni mazkur shaxsning yashash joyidagi yoki narkologiya dispanseri joylashgan yerdagi sudga taqdim etadi. Mazkur materiallar sudga elektron hujjat tarzida ham yuborilishi mumkin.
