27-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga muhtoj deb topish tartibi
Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida (O‘RQ-644-son) · Sana: 27.10.2020 · Amalda
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga muhtoj deb topish Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar narkologiya dispanserlari tarkibida tuziladigan narkologik ekspertizalarni oʻtkazish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy komissiyalar yoki olis hududlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirining, viloyatlar sogʻliqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshliqlarining buyrugʻi asosida tuziladigan narkologik ekspertizalarni oʻtkazish uchun ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalar (bundan buyon matnda ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalar deb yuritiladi) tomonidan amalga oshiriladi. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zaruriyatini aniqlash bilan bogʻliq barcha klinik tekshiruvlar narkologiya dispanserida, zarur hollarda esa tegishli mutaxassislar mavjud boʻlgan boshqa tibbiyot muassasalarida oʻtkaziladi.
Narkologik ekspertizalarni oʻtkazish uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy komissiyalar yoki ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiyalar narkologik kasallikka chalingan shaxsga nisbatan tibbiy xulosa chiqaradi.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash zarurligi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa klinik tekshiruv jarayonida olingan maʼlumotlarga, shuningdek quyidagilar tomonidan taqdim etilgan ish materiallaridagi maʼlumotlarga asoslanadi:
tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar tomonidan — shaxsni narkologik kasallikka chalingan deb topish haqidagi masalani hal etish uchun;
surishtiruv va tergov, prokuratura va sud organlari tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 96-moddasiga muvofiq tibbiy yoʻsindagi majburlov choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi masalani hal etish uchun.
Narkologik ekspertizalarni oʻtkazish uchun ixtisoslashtirilgan tumanlararo tibbiy komissiya tuziladigan olis hududlar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
