29-modda. Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish tartibi
Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash toʻgʻrisida (O‘RQ-644-son) · Sana: 27.10.2020 · Amalda
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi qaror uning yashash joyidagi yoki narkologiya muassasasi joylashgan yerdagi sud tomonidan ushbu shaxs hozirligida qabul qilinadi.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsning sud majlisiga kelishi ichki ishlar organlari xodimi kuzatuvida amalga oshiriladi. Narkologik kasallikka chalingan shaxs rad etgan taqdirda, qonunchilikka muvofiq sudning qaroriga asosan majburan olib kelish amalga oshiriladi.
Sudning narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi qarori oʻqib eshittirilgan paytdan eʼtiboran kuchga kiradi va ichki ishlar organlari tomonidan darhol ijro etiladi.
Sudning narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi qarori ustidan ushbu qaror oʻziga nisbatan chiqarilgan shaxs yoki uning advokati, qonuniy vakili tomonidan 72 soat ichida apellyatsiya tartibida shikoyat qilinishi yoxud prokuror tomonidan protest keltirilishi mumkin.
Majburiy davolashning davomiyligi narkologik kasallikka chalingan shaxs davolash uchun joylashtirilgan kundan eʼtiboran besh kunlik muddatda narkologiya muassasasining tibbiy komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tasdiqlaydigan klinik-tashxis qoʻyish standartlari va davolash bayonnomalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash shaxs davolanayotgan narkologiya muassasasi tibbiy komissiyasining qarori asosida tugatiladi.
Narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolash davomiyligi oʻn sakkiz oydan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Sudning narkologik kasallikka chalingan shaxsni majburiy davolashga yuborish toʻgʻrisidagi qonuniy kuchga kirgan qarori ushbu shaxs bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos boʻladi.
