35-modda. Nogironligi boʻlgan shaxslarning sogʻligʻini saqlash
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarning sogʻliqni saqlash xizmatlaridan, sifatli va nogironligi boʻlgan shaxslarning ehtiyojlarini hisobga oluvchi tibbiy yordamdan boshqa fuqarolar bilan teng ravishda foydalanish huquqi amalga oshirilishini taʼminlash uchun zarur choralar koʻradi.
Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarga, fuqarolarga bepul tibbiy yordam koʻrsatishning davlat kafolatlari dasturi doirasida amalga oshiriladigan malakali tibbiy yordam koʻrsatilishi boʻyicha choralar koʻradi. Nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy parvarish qilish barcha darajalardagi mavjud tibbiy xizmatlar doirasida, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan amalga oshiriladi.
Zoʻrayib boruvchi shakldagi yoki yakuniy bosqichdagi bedavo kasalliklarga chalingan shaxslar bemorlarning jismoniy, ruhiy, hissiy va maʼnaviy ehtiyojlarini qanoatlantirishni nazarda tutuvchi palliativ tibbiy parvarishlash xizmatlari koʻrsatilishi huquqiga ega boʻladi.
