34-modda. Protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Davlat zamonaviy protez-ortopediya moslamalarini va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini yaratish hamda ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida reabilitatsiya qilish industriyasini rivojlantirishga koʻmaklashadi.
Protez-ortopediya moslamalarining va reabilitatsiya qilish texnik vositalarining roʻyxati, bunday vositalar bilan taʼminlash tartibi, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash uchun tibbiy koʻrsatmalar va qarshi koʻrsatmalar roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan taʼminlash boʻyicha xarajatlarga doir majburiyatlarni moliyalashtirish, shu jumladan ularni tayyorlash va taʼmirlash Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning protez-ortopediya moslamalari va ularni reabilitatsiya qilishning texnik vositalari uchun ushbu moddada nazarda tutilgan xarajatlarni moliyalashtirishga doir qoʻshimcha mablagʻlar qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalardan ham olinishi mumkin.
Hisobot davri yakunlari boʻyicha qaysi tadbirkorlik subyektining tushumi umumiy hajmining kamida oʻttiz foizi nogironligi boʻlgan shaxslar uchun protez-ortopediya moslamalarini va anjomlarini ishlab chiqarishdan yoki ularga ortopedik protezlash xizmatlari koʻrsatishdan yoxud protez-ortopediya moslamalarini va anjomlarini taʼmirlash hamda xizmat koʻrsatishdan kelib tushgan boʻlsa, oʻsha tadbirkorlik subyekti quyidagi huquqlarga ega:
oʻzi kiritgan takliflar tanlov savdolari boshqa ishtirokchilarining takliflari bilan teng boʻlgan taqdirda xaridor tomonidan investitsiya majburiyatlarini va ijtimoiy majburiyatlarni qabul qilish sharti bilan davlat mulki obyektlarini realizatsiya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tanlov savdolari natijalariga koʻra kontrakt tuzishga doir ustunlik;
davlat mulki obyekti uchun mazkur obyektning ijara haqi stavkasi eng kam miqdorining ellik foizi miqdorida ijara haqi toʻlash.
