36-modda. Nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy yordam koʻrsatish
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy yordamning quyidagi turlari koʻrsatiladi:
pul toʻlovlari (pensiyalar, nafaqalar, bir yoʻla beriladigan toʻlovlar);
reabilitatsiya qilishning texnik vositalari, surdotexnika, tiflotexnika vositalari yoki boshqa vositalar, shu jumladan oʻrindiqli aravachalar, protez-ortopediya moslamalari, maxsus harfli matbaa nashrlari, ovoz kuchaytiruvchi apparatlar va signalizatorlar, subtitrli yoki surdotarjimali videomateriallar, shuningdek avtomobillar bilan taʼminlash;
tibbiy, ijtimoiy, kasbiy, jismoniy reabilitatsiya qilish boʻyicha xizmatlar va maishiy xizmatlar;
transport xizmatlari;
dori vositalari bilan taʼminlash.
Nogironligi boʻlgan shaxslarga ijtimoiy yordam davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrsatiladi.
Nogironligi boʻlgan, oʻziga oʻzi xizmat koʻrsatish qobiliyatini qisman yoki toʻliq yoʻqotgan va oʻzgalarning doimiy parvarishiga muhtoj boʻlgan shaxslarga ularning uyida hamda vakolatli davlat organlarining ixtisoslashtirilgan statsionar muassasalarida qonunchilikda belgilangan tartibda xizmatlar koʻrsatiladi. Bu muassasalarda ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish bilan bir qatorda hayot faoliyati uchun tegishli shart-sharoitlar taʼminlanadi, tibbiy xizmatlar koʻrsatiladi, shuningdek mehnat faoliyati va dam olish tashkil etiladi.
Ish beruvchining aybi bilan mehnatda mayib boʻlgan yoki kasb kasalligiga chalingan nogironligi boʻlgan shaxslar tibbiy koʻrsatmalarga binoan ish beruvchining (tashkilotning tashkiliy-huquqiy shaklidan qatʼi nazar) mablagʻlari hisobidan reabilitatsiya qilishning texnik va maxsus transport vositalari bilan taʼminlanadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironligi boʻlgan shaxslarga mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ijtimoiy kafolatlar belgilash huquqiga ega.
Nogironligi boʻlgan shaxslar sanatoriy-kurortda bepul sogʻlomlashtirish, shuningdek dori vositalari, nogironligi boʻlgan shaxslarni parvarish qilish uchun moʻljallangan tibbiy buyumlar va nogironligi boʻlgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanish huquqiga ega.
Nogironligi boʻlgan shaxslarning sanatoriy-kurortda sogʻlomlashtirilishini taʼminlash tartibi hamda dori vositalarining, nogironligi boʻlgan shaxslarni parvarish qilish uchun moʻljallangan tibbiy buyumlarning va nogironligi boʻlgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlarining roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
