16-modda. Fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining va nodavlat notijorat tashkilotlarining nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashda ishtirok etishi
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashga koʻmaklashadi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari:
nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashga doir faoliyatni amalga oshirish chogʻida davlatdan va belgilangan tartibda xalqaro tashkilotlardan huquqiy, uslubiy, tashkiliy hamda moliyaviy yordam olishi;
nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish bilan bogʻliq muammolarni hal etishda, shuningdek tegishli tadbirlarni moliyalashtirishda ishtirok etishi;
nogironligi boʻlgan shaxslarning boshqa fuqarolar bilan teng ravishda binolardan, inshootlardan, transportdan, axborotdan va aloqa vositalaridan, shu jumladan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda tizimlaridan, shuningdek boshqa obyektlardan va aholiga koʻrsatiladigan xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishda ishtirok etishi mumkin;
nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashga doir boshqa tadbirlarda ham ishtirok etishi mumkin.
