17-modda. Nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini shakllantirishda:
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlariga, xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash yuzasidan takliflar kiritish;
nogironligi boʻlgan shaxslarga tegishli ijtimoiy xizmat turlarini taqdim etish samaradorligini baholashda ishtirok etish;
nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash masalalari boʻyicha ishlab chiqilayotgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalariga takliflar kiritish;
Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash ishida va majlislarida ishtirok etish;
vakolatli davlat organlari bilan birgalikda sport, maʼrifiy va madaniy-ommaviy tadbirlarni tashkil etish yoʻli bilan ishtirok etishga haqlidir.
Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironligi boʻlgan shaxslarning manfaatlariga daxldor qarorlarni tayyorlash hamda qabul qilishda nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari va ularning vakolatli vakillari bilan hamkorlik qiladi.
Yuridik va jismoniy shaxslar nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalariga moddiy-texnik hamda moliyaviy yordam koʻrsatishi mumkin.
