15-modda. Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ushbu Qonunning qoidalari bajarilishini taʼminlashga qaratilgan kelishilgan saʼy-harakatlarni ishlab chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash tashkil etiladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash tarkibiga nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish oʻz vakolatiga kiradigan vazirliklar, idoralar va tashkilotlar vakillari, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlari, shu jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarning jamoat birlashmalari vakillari kiritiladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengashning majlislari zaruratga qarab, lekin yarim yilda kamida bir marta rais tomonidan chaqiriladi.
Nogironligi boʻlgan shaxslar ishlari boʻyicha idoralararo kengash toʻgʻrisidagi nizom va uning shaxsiy tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
