14-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlash sohasidagi vakolatlari
Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida (O‘RQ-641-son) · Sana: 15.10.2020 · Amalda
Mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini taʼminlashga doir hududiy dasturlarni tasdiqlaydi hamda ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi, shuningdek nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini tasdiqlaydi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari:
nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisidagi qonunchilik ijrosini taʼminlaydi;
nogironligi boʻlgan shaxslarni reabilitatsiya qilish, ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini taʼminlashga doir hududiy dasturlarni shakllantiradi, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organiga tasdiqlash uchun kiritadi hamda amalga oshiradi;
nogironligi boʻlgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam sonini shakllantiradi va xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga tasdiqlash uchun kiritadi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
