21-modda. Shaxsni odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs deb tan olish
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Shaxsni odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs deb tan olish odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlariga murojaat qilingan paytdan eʼtiboran koʻpi bilan besh sutka muddatda (Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida turgan shaxslar toʻgʻrisidagi murojaatlar bundan mustasno), dastlabki identifikatsiya qilish natijalariga koʻra amalga oshiriladi.
Odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari dastlabki identifikatsiya qilish natijalariga koʻra, yetarli asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, shaxsni odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs deb tan oladi.
Shaxs odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs deb tan olingan taqdirda, dastlabki identifikatsiya qilishni amalga oshirgan organ mazkur shaxsni uning huquqlari bilan tanishtirishi va uning roziligi bilan tegishli hududiy komissiyaga yoki zarurat boʻlganda — odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan muassasaga yuborishi shart.
