20-modda. Odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish, aniqlash va ularga zarur yordam koʻrsatish hamda ularni himoya qilish, shuningdek ularning odam savdosiga qayta jalb etilishi xavfining oldini olish maqsadida amalga oshiriladi.
Odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
dastlabki identifikatsiya qilish — odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni bevosita amalga oshiruvchi davlat organlari va ularning hududiy boʻlinmalari tomonidan;
yakuniy identifikatsiya qilish — hududiy komissiyalar tomonidan.
Dastlabki identifikatsiya qilish chogʻida shaxsni odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxs deb tan olish toʻgʻrisida qaror qabul qilish maqsadida maʼlumotlarni olishga, oʻrganishga va baholashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Yakuniy identifikatsiya qilishda shaxsni odam savdosidan jabrlangan deb tan olish yoki tan olishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish:
shaxs odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan;
jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxsga nisbatan jinoiy harakatlar sodir etilmaganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olingan hollarda tugatiladi.
