19-modda. Maʼlumotlarning yagona axborot bazasi
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Odam savdosiga qarshi samarali kurashishni taʼminlash, odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslarning jinoiy faoliyatini aniqlash va unga chek qoʻyish, odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish hamda tegishli axborotni tizimlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boshqa davlat organlari bilan birgalikda odam savdosi sohasidagi jinoyatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning yagona axborot bazasi (bundan buyon matnda maʼlumotlar bazasi deb yuritiladi) yaratilishini tashkil etadi.
Maʼlumotlar bazasiga:
davlat organlaridan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, nodavlat notijorat tashkilotlaridan va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan;
tezkor-qidiruv tadbirlarini, tergovga qadar tekshiruvni, dastlabki tergovni va sud muhokamasini amalga oshirish natijasida;
Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosidan;
tezkor aloqa, ishonch telefonlari orqali va boshqa manbalardan olingan axborot kiritiladi.
Maʼlumotlar bazasiga quyidagilar toʻgʻrisidagi axborot kiritiladi:
odam savdosi bilan shugʻullanuvchi shaxslar haqidagi;
odam savdosidan jabrlanganlar, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlar toʻgʻrisidagi axborot — ayollar va bolalar haqidagi axborot alohida ajratilgan holda, shuningdek ularga koʻrsatilgan yordam natijalari haqidagi;
foydalanish turlari, jinoyat sodir etish usullari toʻgʻrisidagi va boshqa axborot.
Maʼlumotlar bazasiga kiritilgan axborot maxfiydir.
