35-modda. Ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish toʻgʻrisidagi shartnomani muddatidan ilgari bekor qilish
Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-627-son) · Sana: 08.07.2020 · Amalda
Ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish toʻgʻrisidagi shartnomani muddatidan ilgari bekor qilish asoslari quyidagilardan iborat:
taraflarning kelishuvi;
ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish toʻgʻrisida oʻzi bilan shartnoma tuzilgan yuridik shaxsning tugatilganligi;
ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish toʻgʻrisida oʻzi bilan shartnoma tuzilgan jismoniy shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyekti davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganligi;
ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish toʻgʻrisida oʻzi bilan shartnoma tuzilgan jismoniy shaxs boʻlgan tadbirkorlik subyektining vafot etganligi, belgilangan tartibda muomala layoqati cheklanganligi, muomalaga layoqatsiz deb topilganligi;
ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilgan kundan eʼtiboran ovchilik xoʻjaligining bir yildan ortiq vaqt yuritilmaganligi;
ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish toʻgʻrisidagi shartnomada belgilangan toʻlov muddati oʻtgach toʻlovning (ketma-ket ikki martadan ziyod) kiritilmaganligi;
ovchilik xoʻjaligini yuritishni toʻliq yoki qisman toʻxtatib turishga sabab boʻlgan qoidabuzarliklarning belgilangan muddatda ovchilik xoʻjaligi tomonidan bartaraf etilmaganligi;
ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun ov qilish joylarini berish toʻgʻrisidagi shartnomada koʻrsatilgan shartlarning muntazam ravishda (bir yil davomida ikki martadan ortiq) buzilganligi;
hayvonot dunyosidan belgilanmagan maqsadda foydalanilganligi;
ovchilik xoʻjaligini yuritish huquqi oʻzboshimchalik bilan boshqa shaxsga berilganligi.
