31-modda. Ovchilik yoʻllanmasi (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi)
Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-627-son) · Sana: 08.07.2020 · Amalda
Ovchilik yoʻllanmasi (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi) yovvoyi hayvonlarni tutishga doir olingan kvotalar asosida beriladi va uning egasiga mavsumiy yoki bir martalik ovni amalga oshirish huquqini taqdim etadi.
Ovchilik yoʻllanmasi (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi) ovchilarga maxsus elektron dastur orqali:
ovchilik xoʻjaliklariga biriktirilgan ov qilish joylarida — ovchilik xoʻjaliklarining egalari boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan;
erkin ov qilish joylarida — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan beriladi.
Ovchilik yoʻllanmasi (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasi) uni olganlik uchun toʻlov kiritilganidan keyin beriladi.
Ovchilik yoʻllanmasida (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasida) quyidagilar koʻrsatiladi:
jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi;
ov qurolini saqlash va olib yurishga doir ruxsatnoma raqami;
raqami va berilgan sanasi;
ovchilik xoʻjaligining nomi (ovchilik yoʻllanmasi ovchilik xoʻjaligi tomonidan berilganda);
ov qilishga ruxsat etiladigan hudud;
yovvoyi hayvon turining nomi;
tutish uchun ruxsat etilgan yovvoyi hayvonlar soni;
ov qilish muddati;
ov qilish turi;
ovchilik yoʻllanmasining (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkasining) narxi.
Ovchilik yoʻllanmalari (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkalari) berilganligi uchun toʻlov miqdori:
ovchilik xoʻjaliklariga biriktirilgan ov qilish joylarida — ovchilik xoʻjaliklarining egalari boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan;
erkin ov qilish joylarida — Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Ovchilik yoʻllanmalarini (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkalarini) berish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan belgilanadi/
