30-modda. Kamyob va yoʻqolib borayotgan yovvoyi hayvonlar turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishning alohida tartibi
Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-627-son) · Sana: 08.07.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yoʻqolib borayotgan yovvoyi hayvonlar turlarini tabiiy yashash muhitidan ajratib olishga ushbu Qonun qoidalariga muvofiq alohida tartibda, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining xulosasi inobatga olingan holda hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan beriladigan ruxsatnoma boʻyicha yoʻl qoʻyilishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitdan ajratib olishga doir ruxsatnomada quyidagilar koʻrsatiladi:
jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi yoki yuridik shaxsning nomi;
yovvoyi hayvonlarni tutish maqsadi;
ovchilik guvohnomasining raqami (jismoniy shaxslar uchun);
ov qilishga ruxsat etiladigan hudud;
yovvoyi hayvon turining nomi;
tabiiy muhitdan ajratib olish ruxsat etiladigan yovvoyi hayvonlarning soni;
ov qilish muddati;
ruxsatnoma berish asosi.
Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitdan ajratib olishga doir ruxsatnoma unga Ekologiya qoʻmitasi hududiy boʻlinmasining belgisi qoʻyilganidan keyin haqiqiy boʻladi.
Oʻzbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni tabiiy muhitdan ajratib olishga doir ruxsatnoma uning amal qilish muddati tugagach (oʻn kun ichida) Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasiga ajratib olingan yovvoyi hayvonlar haqidagi hisobot bilan birga qaytariladi.
