32-modda. Ovchilik xoʻjaligini yuritish huquqi
Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-627-son) · Sana: 08.07.2020 · Amalda
Yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanish, muhofaza hamda takror koʻpaytirish tadbirlarini oʻtkazish bilan bogʻliq xoʻjalik faoliyatini ilmiy asoslantirilgan tarzda rejalashtirish va amalga oshirish ovchilik xoʻjaligini yuritishdir.
Ovchilik xoʻjaligini yuritish huquqi ovchilik xoʻjaliklarini tashkil etish uchun yer uchastkalarini ijara huquqi asosida ajratish boʻyicha elektron onlayn-auksion gʻolibi boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi oʻrtasida ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun ovchilik xoʻjaliklariga tutash hududdagi ov qilish joylarini biriktirish yuzasidan ov qilish joylarini berish toʻgʻrisidagi shartnoma imzolangan kundan eʼtiboran yuzaga keladi.
Ovchilik xoʻjaliklarini tashkil etish uchun qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlardan hamda oʻrmon fondi yerlaridan 10 gektargacha yer uchastkasi ovchilik bazalari va 100 gektargacha yer uchastkasi pitomniklar barpo etish uchun bitta lot sifatida investitsiyaviy hamda shartnomaviy majburiyatlar belgilangan holda yuridik va jismoniy shaxslarga elektron onlayn-auksion orqali 49 yil muddatga quyidagi bosqichlarda ijara huquqi asosida ajratiladi:
birinchi bosqichda — 10 yil muddatga;
investitsiyaviy va shartnomaviy majburiyatlarni bajarish natijalariga koʻra:
ikkinchi bosqichda — 10 yil muddatga;
uchinchi bosqichda — 29 yil muddatga.
Bunda ikki yil muddat ichida yovvoyi hayvonlarni yetishtirish va takror koʻpaytirish boʻyicha pitomniklar infratuzilmasi yoki takror koʻpaytirish uchastkasi tashkil etilmasa, ijara shartnomasi bekor qilinadi.
Ovchilik xoʻjaliklarini tashkil etish uchun yer uchastkalarini ijara huquqi asosida ajratish boʻyicha elektron onlayn-auksion gʻolibi boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarga ovchilik xoʻjaliklariga (ovchilik bazalariga va pitomniklarga) tutash hududdagi ov qilish joylari Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi bilan toʻgʻridan-toʻgʻri tuziladigan ov qilish joylarini berish toʻgʻrisidagi shartnomaga asosan ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun biriktirib beriladi. Bunda elektron onlayn-auksion gʻolibi boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslar ovchilik xoʻjaligini yuritish uchun tutash hududdagi ov qilish joylarini berish toʻgʻrisidagi shartnomani tuzishdan bosh tortgan taqdirda, elektron onlayn-auksion natijalari bekor qilinadi va yer uchastkalari qayta elektron-onlayn auksion savdolariga chiqariladi.
