28-modda. Ovchilik guvohnomasi
Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-627-son) · Sana: 08.07.2020 · Amalda
Ovchilik guvohnomasi muomalaga layoqatli, oʻn sakkiz yoshga toʻlgan, ovchilik guvohnomasini olish uchun maxsus oʻquv kurslarini tugatgan va test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan jismoniy shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan ikki yil muddatga beriladi.
Ovchilik guvohnomasini rasmiylashtirganlik uchun jismoniy shaxslardan bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravari miqdorida, pensiyadagi va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslardan bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida toʻlov undiriladi.
Ovchilik guvohnomasining amal qilish muddati talabgorning arizasiga koʻra uzaytirilishi mumkin.
Ovchilik guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish uni berish uchun nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi. Bunda ovchilik guvohnomasining amal qilish muddatini uzaytirish uchun maxsus oʻquv kurslarida qayta oʻqish talab etilmaydi.
Ovchilik guvohnomasini berish tartibi va ovchilik guvohnomasini olish uchun talabgorlarni maxsus oʻquv kurslarida oʻqitish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Ovchilik guvohnomasining amal qilishi uning amal qilish muddati oʻtganligi munosabati bilan tugagan deb hisoblanadi.
Ovchilik guvohnomasining amal qilishini muddatidan oldin tugatish uchun quyidagilar asos boʻladi:
ovchilik guvohnomasi egasining uning amal qilishini tugatish toʻgʻrisidagi arizasi;
ovchilik guvohnomasi egasining vafot etishi;
sudning ovchilik guvohnomasi egasini belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topish toʻgʻrisidagi qarori;
sudning ov qilish huquqidan mahrum qilish tarzidagi jazoni nazarda tutuvchi qonuniy kuchga kirgan qarori.
