20-modda. Ov qilish turlari
Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-627-son) · Sana: 08.07.2020 · Amalda
Ov qilish turlari jumlasiga quyidagilar kiradi:
sport va havaskorlik maqsadida ov qilish;
sanoat maqsadida ov qilish;
oʻlja olish maqsadida ov qilish;
yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda yoki sunʼiy yaratilgan yashash muhitida saqlash va koʻpaytirish maqsadida ov qilish;
ilmiy, tibbiy va nazorat ishlarini amalga oshirish uchun ov qilish;
yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish maqsadida ov qilish.
Sport va havaskorlik maqsadida ov qilish jismoniy shaxslar tomonidan ov mahsulotini shaxsiy isteʼmol qilish maqsadida amalga oshiriladi.
Sanoat maqsadida ov qilish ov mahsulotini tijorat maqsadida realizatsiya qilish uchun amalga oshiriladi.
Oʻlja olish maqsadida ov qilish muayyan belgilariga koʻra baholanadigan ov oʻljalarini (moʻynalar, shoxlar, patlar, terilar, bosh suyaklarini, qoziqtishlarni, boshqa hayotiy organlarni) olish maqsadida amalga oshiriladi.
Yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda yoki sunʼiy yaratilgan yashash muhitida saqlash va koʻpaytirish maqsadida ov qilishga, basharti yovvoyi hayvonlarga yopiq makonda yashaydigan sharoitlar yaratilsa, yoʻl qoʻyiladi.
Ilmiy, tibbiy va nazorat ishlarini amalga oshirish uchun ov qilish yovvoyi hayvonlarni oʻrganish hamda saqlab qolish, shuningdek ular kasallanganda, nobud boʻlish, oʻlat xavfi boʻlgan hollarda va boshqa sabablar tufayli yovvoyi hayvonlarga yordam koʻrsatilishini tashkil etish maqsadida amalga oshiriladi.
Yovvoyi hayvonlarning sonini tartibga solish maqsadida ov qilish yovvoyi hayvonlarning soni darajasini va populyatsiyasi tuzilmasini maqbul holatda saqlab turish, shuningdek oʻta xavfli infeksiyalar tarqatuvchilari boʻlgan hayvonlarga qarshi kurashish uchun amalga oshiriladi.
