19-modda. Ovchilik xoʻjaliklarining majburiyatlari
Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-627-son) · Sana: 08.07.2020 · Amalda
Ovchilik xoʻjaliklari:
ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etishi;
yovvoyi hayvonlarni va ov qilish joylarini muhofaza qilishi;
hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan oqilona foydalanish boʻyicha biotexnik tadbirlar oʻtkazishi;
yovvoyi hayvonlar sonining hisobini yuritishi;
tutiladigan yovvoyi hayvonlarning hisobini yuritishi;
yovvoyi hayvonlarning takror koʻpaytirilishini taʼminlashi;
yovvoyi hayvonlar sonini tartibga solish boʻyicha yovvoyi hayvonlar ayrim turlarining sonini ularning yashash joylari doirasida saqlab turishga, koʻpaytirishga yoki kamaytirishga qaratilgan tadbirlarni oʻtkazishi;
ovchilik xoʻjaligi hududida chegara ustunlari, eʼlonlar va koʻrsatkichlar, ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisidagi toʻliq axborotni oʻz ichiga olgan xarita-sxema oʻrnatilishini taʼminlashi;
yongʻin xavfsizligi talablariga rioya etishi;
yovvoyi hayvonlarning egasiz tanalarini, ularning qismlarini va ichki aʼzolari koʻmilishini tashkil etishi, ovchilarni bunday chiqindilar bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishning belgilangan tartibi toʻgʻrisida xabardor qilishi;
ov qilish ustidan nazoratni amalga oshirishi — ovchilarda zarur hujjatlar mavjudligini va ular tomonidan ushbu Qonunning 5-bobida nazarda tutilgan talablarga rioya etilishini tekshirishi;
ovchilik yoʻllanmalari blankalarini (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkalarini) hisobga olish, saqlash, toʻldirish va ulardan foydalanish qoidalariga rioya etishi;
har yili Ekologiya qoʻmitasining hududiy boʻlinmalariga ovchilik xoʻjaligini yuritish bilan bogʻliq axborotni taqdim etishi;
ovchilik xoʻjaligini yuritish jarayonida atrof-muhitga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashi;
oʻz zimmasiga olingan shartnoma majburiyatlarini bajarishi;
yovvoyi hayvonlarni oʻzboshimchalik bilan chatishtirishga, koʻchirishga yoki iqlimga moslashtirishga yoʻl qoʻymasligi;
ovchilik xoʻjaliklarida itlarning tumshuqbogʻlarsiz, bogʻlovsiz yoki oʻralgan maydonchadan tashqarida saqlanishiga yoʻl qoʻymasligi, bundan itlar bilan ov qilish yoki itlarni ovga oʻrgatish mustasno;
Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tizimidagi mansabdor shaxslarni ov qilish joylarining, yovvoyi hayvonlar hamda qayta ishlangan ov mahsuloti saqlanadigan, realizatsiya qilinadigan obyektlarning holatini oʻrganish uchun moneliksiz kiritishi shart.
