25-modda. Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlariga hamda davlat topografik xaritalari va rejalariga doir asosiy talablar
Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-626-son) · Sana: 02.07.2020 · Amalda
Davlat geodeziya tarmogʻi geodeziya punktlari tizimidan iboratdir va bu punktlarning yer sathidagi holati ular uchun umumiy boʻlgan koordinatalar tizimidagi geodeziya oʻlchovlari asosida belgilangan boʻladi.
Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlari, shuningdek davlat topografik xaritalari va rejalari dolzarblik holatida saqlab turilishi kerak.
Davlat geodeziya, nivelir yoki gravimetriya tarmoqlarining dolzarblik holati deganda respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining, yuridik va jismoniy shaxslarning materiallarga (maʼlumotlarga) boʻlgan ehtiyojlarini qanoatlantiruvchi holat tushuniladi.
Davlat topografik xaritalari va rejalarining dolzarblik holati deganda davlat topografik xaritalari va rejalarining mazmuni joyning haqiqiy holatiga mos keladigan hamda amaldagi shartli belgilarda va belgilangan koordinatalar tizimida aks ettirilgan holat tushuniladi.
Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlari dolzarblik holatida saqlab turilishi uchun ular muntazam ravishda tiklab borilishi, davlat topografik xaritalari va rejalari esa yangilab turilishi kerak.
Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlarini tiklash Oʻzbekiston Respublikasi hududida geodeziya punktlarining joylashtirilish zichligi normalari hisobga olingan holda bajariladi.
