26-modda. Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishga doir asosiy talablar
Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-626-son) · Sana: 02.07.2020 · Amalda
Geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishda quyidagi asosiy talablarga rioya etilishi kerak:
qonunchilik talablariga, shu jumladan xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyatga (harakatlarga) doir talablari va shartlariga, kartografiya va geodeziya faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi standartlar hamda normativ hujjatlarga, shuningdek loyiha-smeta va texnik hujjatlar talablariga amal qilish;
ishlab chiqarishni tashkil qilishning ilgʻor texnologiyalari va usullarini joriy etish;
geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni odamlarning hayoti hamda sogʻligʻi, atrof-muhitning holati va moddiy madaniy meros obyektlari uchun xavfsiz usullar hamda vositalar orqali bajarish;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasini, maʼmuriy-hududiy tuzilish chegaralarini, shuningdek chet davlatlarning chegaralarini hamda boshqa siyosiy-maʼmuriy chegaralarni va geografik elementlarni xaritalarda grafik jihatdan toʻgʻri tasvirlash;
geodeziya va kartografiyaga doir materiallarning (maʼlumotlarning) hisobga olinishi hamda saqlanishini taʼminlash;
Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi davlat geodeziya tarmoqlari holatining tizimli tahlilini amalga oshirish va kartografiyaga doir materiallarning joyning haqiqiy holatiga muvofiqligini taʼminlash.
