24-modda. Geodeziya punktlari
Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-626-son) · Sana: 02.07.2020 · Amalda
Geodeziya punkti joyda (tuproqda, binoda yoki boshqa sunʼiy inshootda) yer sathining nuqtalarini maʼlum koordinatalar hamda balandliklar bilan belgilash uchun moʻljallangan moslama va (yoki) qurilma boʻlib, u maxsus markazdan, tashqi belgidan hamda tashqi chekkasi geodeziya punktining chegarasi boʻlgan zovur yoki uyum tarzidagi tashqi koʻrinishdan iboratdir. Geodeziya punktining tashqi koʻrinishi mavjud boʻlmagan taqdirda tashqi belgining asosi uning chegarasi hisoblanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qurilgan davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlarining geodeziya punktlari hamda boshqa geodeziya punktlari davlat muhofazasida boʻladi.
Geodeziya punktlarini joylashtirish uchun yer uchastkalarini ajratish qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Geodeziya punktlari chegaralarida hamda ushbu chegaralar boʻylab bir metr kenglikdagi maydonda geodeziya punktlarining muhofaza zonalari belgilanadi.
Geodeziya punktlari tashqi belgilarga ega boʻlmagan yoki geodeziya punktlarining maxsus markazlari binolarning va boshqa inshootlarning devorlariga joylashtirilgan hollarda, ushbu geodeziya punktlarining chegaralari va muhofaza zonalari belgilanmaydi.
Geodeziya punktlarining muhofaza zonalarida quyidagilar taqiqlanadi:
geodeziya ishlarini bajarish chogʻida geodeziya punktlarining but saqlanishini va ulardan foydalanilishini taʼminlamaydigan ishlarni maxsus vakolatli davlat organining ruxsatisiz amalga oshirish;
geodeziya punktlarining shikastlanishiga yoki yoʻq qilinishiga olib kelishi mumkin boʻlgan turli materiallarni saqlash, olov yoqish, chiqindilarni saqlashni va koʻmishni, shuningdek boshqa harakatlarni amalga oshirish.
Geodeziya punktlarining but saqlanishini taʼminlash oʻz hududida ushbu punktlar joylashtirilgan tumanlar, shaharlar hokimliklari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat geodeziya, nivelir, gravimetriya tarmoqlarining geodeziya punktlarini qurish, tiklash, buzish yoki qayta oʻrnatish maxsus vakolatli davlat organining qarori asosida, boshqa geodeziya punktlari esa maxsus vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Shikast yetkazilgan, yoʻq qilingan geodeziya punktlarini tiklash yoki qayta qurish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni oʻz faoliyati geodeziya punktlariga shikast yetkazilishiga, ularning yoʻq qilinishiga olib kelgan yoki oʻzining murojaati asosida geodeziya punktlarini qayta oʻrnatish amalga oshirilayotgan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qoplanadi.
