8-modda. Deputatning va senatorning majburiyatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida (704-II-son) · Sana: 02.12.2004 · Amalda
Deputat, senator tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning majlislarida, shuningdek oʻzi tarkibiga kirgan siyosiy partiya fraksiyalarining, palataning qaysi qoʻmitasi, komissiyasi tarkibiga, kelishuv komissiyasi tarkibiga saylangan boʻlsa, shu qoʻmita, komissiyaning majlislarida qatnashishi, ovoz berishda Qonunchilik palatasining, Senatning reglamentlarida belgilangan tartibda shaxsan ishtirok etishi shart.
Qonunchilik palatasi, Senat, siyosiy partiya fraksiyasi, qoʻmita, komissiya, kelishuv komissiyasi majlisida ishtirok etish imkoniyati boʻlmagan taqdirda, deputat, senator bu haqda tegishincha Qonunchilik palatasi Spikeriga, Senat Raisiga, siyosiy partiya fraksiyasi rahbariga, qoʻmita, komissiya raisiga, kelishuv komissiyasining tegishli palatadan saylangan hamraisiga oldindan xabar qilishi shart.
Deputatning, senatorning zimmasida qonun hujjatlariga muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
