9-modda. Deputatning saylovchilar bilan, siyosiy partiya bilan aloqasi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida (704-II-son) · Sana: 02.12.2004 · Amalda
Deputat oʻz okrugi saylovchilari, uni deputatlikka nomzod qilib koʻrsatgan siyosiy partiya bilan aloqa bogʻlab turadi, Qonunchilik palatasida ularning manfaatlarini ifoda etadi.
Siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilgan deputatlikka nomzodlar roʻyxati asosida saylangan deputatlarning saylovchilar bilan aloqasi tegishincha siyosiy partiya fraksiyasi tomonidan belgilanadi.
Deputat vaqti-vaqti bilan, ammo yiliga kamida bir marta saylovchilarga oʻz faoliyati haqida axborot beradi.
Siyosiy partiyalar fraksiyalari har yili Qonunchilik palatasining Kengashi bilan birgalikda deputatlarning saylovchilar bilan saylov okruglaridagi ishlari uchun moʻljallangan vaqtni belgilaydi.
Saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish chogʻida deputat:
mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishi, Qonunchilik palatasining qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil faoliyati, siyosiy partiya fraksiyasining faoliyati, uning mamlakatni sotsial-iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishning eng muhim masalalariga doir nuqtai nazari toʻgʻrisida saylovchilarga axborot beradi;
yangi qabul qilingan qonunlarning mohiyati va ahamiyatini saylovchilarga yetkazadi;
qabul qilingan qonunlarning ijro etilishi holatini huquqning qoʻllanilish samaradorligini va qonunchilikni yanada takomillashtirish zaruratini aniqlash maqsadida oʻrganadi;
siyosiy partiya fraksiyasi tomonidan belgilanadigan boshqa vazifalarni bajaradi.
Saylovchilarning ishonchini oqlay olmagan deputat qonunda belgilangan tartibda chaqirib olinishi mumkin.
