7-modda. Deputatning va senatorning huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida (704-II-son) · Sana: 02.12.2004 · Amalda
Deputat, senator tegishincha Qonunchilik palatasining, Senatning majlisida koʻrib chiqilayotgan barcha masalalar boʻyicha hal qiluvchi ovoz huquqidan foydalanadi.
Deputat, senator:
palataning organlariga saylash va saylanishga;
palata majlisida koʻrib chiqilishi uchun masalalar taklif etishga;
palata majlisining kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni koʻrib chiqish tartibi hamda bu masalalarning mohiyati yuzasidan takliflar kiritish va mulohazalar bildirishga;
qaror loyihalari va ularga tuzatishlar kiritishga;
palata tomonidan tuziladigan organlarning shaxsiy tarkibi hamda saylanadigan, tayinlanadigan yoki tasdiqlanadigan mansabdor shaxslarning nomzodlari boʻyicha fikr bildirishga;
munozaralarda ishtirok etishga, maʼruzachi va raislik qiluvchiga savollar berishga;
soʻrov bilan murojaat etishga;
oʻz takliflarini asoslab berish uchun soʻzga chiqishga va ovoz berish sabablari yuzasidan izoh berishga;
palata majlisida raislik qiluvchiga palata majlisida muhokama qilinayotgan masala yuzasidan oʻz nutqi, taklifi yoki mulohazasi matnini topshirishga;
palata tarkibidagi oʻzi aʼzo boʻlgan tegishli organning qaroriga qoʻshilmagan taqdirda oʻz nuqtai nazarini palata majlisida bayon qilishga yoki bu haqda tegishincha Qonunchilik palatasining Spikeriga, Senat Raisiga yozma ravishda maʼlum qilishga;
palataga hisobdor yoki uning nazorati ostidagi har qanday organ yoxud mansabdor shaxsning hisoboti yoki axborotini palata majlislarida eshitish toʻgʻrisida taklif kiritishga;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijro etilishini, shuningdek palata qarorlarining bajarilishini tekshirish haqida koʻrib chiqilishi uchun masalalar taklif etishga;
palata majlislarining stenogrammalari bilan tanishishga;
fuqarolarning huquqlari va qonun bilan muhofaza qilinadigan manfaatlarini buzish hollari yoki qonunchilikni buzishning boshqa hollari maʼlum boʻlib qolgan taqdirda ularga darhol chek qoʻyish choralarini koʻrish talabi bilan tegishli organlar hamda mansabdor shaxslarga murojaat etishga haqli.
Deputat, ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari, qonunchilik tashabbusi huquqiga hamda Qonunchilik palatasidagi deputatlar birlashmalari ishida ishtirok etish huquqiga ega.
