6-modda. Qishloq xoʻjaligi kooperativining (shirkat xoʻjaligining) ustavi
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida (600-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Ustav qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) faoliyatini tartibga soluvchi asosiy huquqiy hujjatdir. Ustavda quyidagilar belgilanadi:
kooperativning (shirkatning) nomi va joylashgan yeri;
faoliyat sohasi va maqsadi;
kooperativga (shirkatga) kirish va undan chiqish tartibi;
kooperativ (shirkat) muassislarining tarkibi va aʼzolarining soni;
kooperativ (shirkat) aʼzolarining huquq va majburiyatlari;
boshqaruv organlari, ularni shakllantirish tartibi va ularning vakolatlari;
kooperativning (shirkatning) pay, boʻlinmas va boshqa jamgʻarmalarining miqdori va ularni shakllantirish tartibi;
kooperativ (shirkat) aʼzolarining mehnatda ishtirok etishi va ular mehnatiga haq toʻlashning koʻproq oila (jamoa) pudratiga asoslangan shakllari;
kooperativ (shirkat) daromadlarini (foydasini) taqsimlash, shu jumladan mulkiy paylar boʻyicha dividendlar toʻlash uchun taqsimlash tartibi;
kooperativni (shirkatni) qayta tashkil etish va tugatish tartibi.
Ustavga kooperativ (shirkat) faoliyati bilan bogʻliq, qonunchilikka zid boʻlmagan boshqa qoidalar ham kiritilishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi kooperativining (shirkat xoʻjaligining) ustavi muassislar tomonidan taʼsis yigʻilishida qabul qilinadi, unga oʻzgartishlar kooperativ (shirkat) aʼzolarining umumiy majlisida kiritiladi. Ustavga kiritilgan oʻzgartishlar toʻgʻrisidagi axborot kooperativni (shirkatni) davlat roʻyxatidan oʻtkazgan organga bir haftalik muddat ichida taqdim etiladi.
