7-modda. Qishloq xoʻjaligi kooperativiga (shirkat xoʻjaligiga) aʼzo boʻlib kirish va unga aʼzolik
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida (600-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Yoshi 16 ga toʻlgan, kooperativ (shirkat) ustavini tan oluvchi va uning talablariga rioya etuvchi, kooperativ (shirkat) faoliyatida va uning jamgʻarmalarini shakllantirishda ishtirok etuvchi jismoniy shaxslar qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) aʼzosi boʻlishlari mumkin.
Yuridik shaxslar ham qishloq xoʻjaligi kooperativining (shirkat xoʻjaligining) jamoa aʼzolari boʻlishlari mumkin. Kooperativlar (shirkatlar) va ularning jamoa tarzidagi aʼzolari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar shartnoma asosida olib boriladi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativiga (shirkat xoʻjaligiga) aʼzo boʻlib kirish berilgan ariza asosida amalga oshiriladi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) boshqaruvining (raisining) kooperativga (shirkatga) qabul qilish toʻgʻrisidagi qarori kooperativning (shirkatning) umumiy majlisida ariza bergan shaxsning ishtirokida tasdiqlanishi lozim. Bunday qarorni qabul qilish va uni tasdiqlash tartibi kooperativ (shirkat) ustavida belgilanadi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativiga (shirkat xoʻjaligiga) aʼzolik undan vaqtincha chiqib ketgan shaxslar uchun quyidagi hollarda saqlanib qoladi:
haqiqiy muddatli harbiy xizmatni oʻtayotganda;
davlat va jamoat organlariga saylab qoʻyiladigan lavozimga saylanganda;
ishlab chiqarishdan ajralgan holda oʻqishga kirganda;
boshqa qishloq xoʻjaligi kooperativlariga (shirkat xoʻjaliklariga), xoʻjaliklararo va boshqa korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) boshqaruvi tomonidan belgilangan muddatga ishga yoʻllanganda.
Qishloq xoʻjaligi kooperativining (shirkat xoʻjaligining) aʼzolari qarilik yoki nogironlik boʻyicha ishni toʻxtatsa, uning umumiy majlisi qarori bilan belgilangan asos va shartlarda oʻzlarining kooperativga (shirkatga) aʼzoliklarini saqlab qoladilar.
