4-modda
Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashishda hamkorlik toʻgʻrisida · Sana: 15.04.2019 · Amalda
1. Mazkur Bitim doirasidagi hamkorlik manfaatdor Tomonning yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi soʻrovnomalari (keyingi oʻrinlarda — soʻrovnoma) asosida amalga oshiriladi. Har bir Tomon boshqa Tomonga migratsiya masalalari boʻyicha oʻzida mavjud boʻlgan maʼlumotlarni, basharti bunday maʼlumotlar boshqa Tomon uchun qiziqish uygʻotishiga asoslar mavjud boʻlsa, soʻrovnomasiz ham yuborishi mumkin.
2. Soʻrovnoma rus tilida yozma shaklda, shu jumladan, matn uzatishning texnik vositalaridan foydalangan holda yuboriladi.
Soʻrovnomaning haqiqiyligi yoki mazmuni yuzasidan shubha tugʻilsa, qoʻshimcha tasdiqlash talab qilinishi mumkin.
3. Soʻrovnomada quyidagilar boʻlishi lozim:
soʻrayotgan va soʻralayotgan organning nomi;
soʻrovnoma mohiyatining bayoni, uning maqsadi va asoslari;
soʻrovnomani lozim darajada bajarish uchun foydalanilishi mumkin boʻlgan har qanday boshqa maʼlumotlar.
4. Soʻrovnoma rasmiy idoraviy blankda rasmiylashtiriladi hamda soʻrayotgan Tomon davlati vakolatli organining mutasaddi mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadi.
Tomonlar oʻz davlatlari vakolatli organlarining soʻrovnomalarni imzolash vakolatiga ega mansabdor shaxslari roʻyxatini va idoraviy blanklar namunalarini mazkur Bitim imzolangandan soʻng qirq besh (45) kun ichida almashadilar.
5. Mazkur moddaning 4-bandida koʻrsatilgan soʻrovnomalarni imzolash vakolatiga ega boʻlgan mansabdor shaxslar roʻyxati yoki blanklar oʻzgargan taqdirda, Tomonlar bu haqda bir-birlarini darhol xabardor qiladilar.
